Yoshlar uchun keng imkoniyat
“Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yoshlarni tadbirkorlikka keng yo‘naltirish bo‘yicha 100 ta bepul kurs. Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi tomonidan “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 avgustdagi 669-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, yoshlarni tadbirkorlikka keng yo‘naltirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan 18 ta oliygohlar bazasida “pilot” tariqasida maxsus kurslarni tashkil etmoqda.
Kurslarga mazkur oliygohlarning 2-4-bosqich talabalarini asosiy o‘qishdan bo‘sh paytida qamrab olgan holda, o‘quv hajmini 50% - auditoriya darslari va master-klasslar, 50% - onlayn kurs tarzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kurslarga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda joylardagi uyushmagan yoshlarni, mahallalar aholisini keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.
2018 yilning 15 sentyabr – 15 dekabr kunlari oralig‘ida jami 100 ta shunday kurslarni (har bir kursda 50 kishigacha qatnashadi) o‘tkazishga kelishib olindi. Kurslar tinglovchilar uchun bepul tashkil qilinadi va yakuni bo‘yicha maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Mazkur sohada ishlarni samarali tashkil qilish uchun Markaz va “Norma” professional rivojlantirish markazi NTM o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda aholi va tadbirkorlar, jumladan uyushmagan yoshlar uchun www.direktor.uz (www.biznes.uz) portali vositasida moliyaviy savodxonlik bo‘yicha “on-layn” tarzdagi kurslar tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun: Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi PQ-2897-sonli Qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 8 avgustdagi 602-sonli “Tadbirkorlar uchun o‘quv-kurslari tashkil qilish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Bugungi kunda Markaz tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi aholi va tadbirkorlar uchun, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi bilan kelishilgan reglament asosida, 22 akademik soatdan iborat o‘quv-kurslari tashkil qilib kelinmoqda. Xususan, 2018 yilning I-yarim yilligida hududlarda jami 308 ta bepul o‘quv-kurslari tashkil etilgan, ularda 5 496 tadbirkorlik sub’ekti vakillari va aholi bepul o‘qitilgan va tegishli tartibda markaz sertifikatlari bilan taqdirlanganlar.
O‘quvlardan keyingi kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning I-yarim yilligida tahsil olgan tinglovchilardan 467 nafari tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan bo‘lsa, 221 nafar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati yanada kengaygan. Markaz tinglovchilari tomonidan o‘z faoliyatlarini boshlashi va yanada kengaytirish maqsadida banklardan jami 5,8mlrd. so‘m kredit mablag‘lari olingan. Buning natijasida 920tadan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Shu bilan birga, o‘quv-kurslari tinglovchilaridan, yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirish hamda ularni tadbirkorlikka kengroq jalb qilish maqsadida, o‘quv jarayoniga innovatsiyalar kiritish, yuqori texnologiyalarni qo‘llagan holda o‘quv-kurslari muddatlarini uzaytirib, “onlayn” tarzida masofaviy, uzluksiz o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha ko‘plab takliflar kelib tushmoqda. Shu taklif va tashabbuslardan yana biri Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati va “Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi” bilan hamkorlikda tasdiqlangan grafik asosida o‘tkazilishi belgilab olindi. O‘quv-kurslarning birinchi bosqichi 2018 yil 17 sentyabrdan start oldi hamda institut fakultetlardan jami 50 nafardan ortiq talabalar ishtiroki ta’minlandi. Ishlab chiqarish xodimlari hamda markaz tomonidan tayyorlangan dastur asosida master-klasslar, ma’ruzalar tayyorlanib talabalar e’tiboriga havola etildi. Shuningdek, yuqorida keltirilgan internet saytlari orqali talabalar onlayn ma’ruzalar tinglash imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. O‘quv-kurslar davomida talabalarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash, muammolar va yechimlar, loyiha tayyorlash va tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha huquqiy ma’lumotlar, “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi nima ekanligi, jamg‘armaning bugungi kundagi imkoniyatlari, yo‘nalishlari, imtiyozlari, ajratilgan mablag‘lari, banklardan kredit olish va rasmiylashtirish to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berilmoqda. Foydali o‘quv-kurslarda ishtirok etib, darslarni o‘zlashtirgan talaba-yoshlarga markazning maxsus imtiyozli sertifikatlari topshiriladi. Foydali o‘quv-kurslar davom etadi, barcha fakultetlardan faol bo‘lishini so‘rab, talaba-yoshlarni chorlab qolamiz. Marhamat, institut rahbariyati siz uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib bermoqda, faol bo‘ling, aziz talabalar.
Institut yoshlar ittifoqi yetakchisi Akmal Berdimurodov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov